Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tomonidan chiqindi poligonlarida yong‘in xavfsizligini ta’minlash, sanitariya holatini yaxshilash hamda rekultivatsiya ishlarini jadallashtirish maqsadida 2026-yil 13-iyuldan 21-avgustga qadar “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari o‘tkaziladi.
Mazkur tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-apreldagi PQ-4291-son qarori hamda 2025-yil 30-yanvardagi PF-16-son Farmoni ijrosini ta’minlash doirasida tashkil etilmoqda.
“Dolzarb 40 kunlik” davomida:
- chiqindi poligonlarida yong‘in xavfsizligi talablari kuchaytiriladi;
- sanitariya-ekologik holati yaxshilanadi;
- mavjud kamchiliklar aniqlanib, tezkor bartaraf etiladi;
- poligonlar faoliyati ustidan monitoring va nazorat kuchaytiriladi;
- foydalanishdan chiqarilgan hamda rekultivatsiya qilinishi lozim bo‘lgan poligonlarning holati o‘rganilib, rekultivatsiya ishlarini jadallashtirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘riladi.
Tadbirlarni samarali tashkil etish maqsadida Agentlik markaziy apparati mas’ullari hududlarga biriktiriladi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy boshqarmalari hamda Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi davlat muassasasi tomonidan hududiy shtablar tashkil etilib, amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan kunlik monitoring olib boriladi.
“Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari davomida chiqindi poligonlarining belgilangan talablar asosida faoliyat yuritishi, ekologik va sanitariya xavfsizligini ta’minlash hamda yong‘inlarning oldini olishga alohida e’tibor qaratiladi.